Chorsu qachon jonlanadi?

 

Chorsu hududida multifunksional sayyohlik mavzesi yaratish  taklif loyihasi

   Har gal Chorsu bozorining shimolida jamoat transportidan tushib janubdagi asosiy bekatga qarab bozorni kesib o'tar ekanman, yoshligimdagi "Chorsu" bilan hozirgi "Chorsu" bozorini solishtiraveraman. Bu bozor poytaxtning eng qadimiy bozorlaridan biri, "Ipak yo'li"ning bir bo'g'imi bo'lgan. Avvallari juda ham fayzli, odamlar to'lib toshgan edi, hunarmandlar rastalari oralab markaziy maydondagi ko'chma sirkni tomosha qilishga shoshar edik. Bu maydon hozirda huddi "Yo'l-yo'l poyjoma kiygan bolakay" filmidagi konslager hovlisiga o'xshab panjaralar bilan o'rab qo'yilgan, ichi kimsasiz, yovvoyi o't o'lanlar o'sib ketgan.

   Shaharning har tomonidan keladigan avtobuslar esa markazdagi avtoshoxbekatga yig'ilar edi, bugun bu joyning bir tomoni avtoturargoh, ikkinchi qismi esa vaqtinchalik ulgurji bozor. Jamoat transportlari bozorning turli turli burchaklariga sochilib ketgan.

  • Qizil rangdagi nuqtalar - ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan avtoshoxbekatlar.
  • Sariq rangdagi nuqtalar - avvalgi avtoshohbekat (hozir esa ulgurji bozor).

   Jamoat va shaxsiy avtotransportlar harakati va turargohlarni noto'g'ri tashkillashtirilishi, bozorning qaynoq nuqtalarini o'rab kimsasiz hudud qilib qo'yilishi, savdogarlarni u joydan bu joyga ko'chirib sarson qilinishi va mana shunday betartib, puhta o'ylanmagan rejasiz o'zgartirish kiritilshlar bozor infrastrukturasini  buzib yuborgan. Bozorda haridorlar uchun ham noqulaylik yuzaga kelishi oqibatida savdogarlarning savdosi tushib ketgan...

   Ushbu hudud yuzasidan biror  taklif  bildirishdan avval o'z pozitsiyamizni oshkor qilib qo'yishni ma'qul ko'rdik. Bugungi  ulkan islohotlar davrida yurtimizni farovonligi va inson manfaati asosiy masalalar etib belgilangan bir paytda "Chorsu hududida multifunksional sayyohlik mavzesi" masalasi muhim muammo degan iddaodan yiroqmiz, shu bilan birga bu yerda tirikchilik qilib ro'zg'or yuritayotganlar va Gulsaroy mahallasida yashayotgan insonlar bozorning "ehtimolli" rekonstruksiyasidan jabr ko'rishini istamaymiz!  Bozorning rekonstruksiyasi haqiqiy ma'noda har tomonlama manfaatli va shaffof bo'lishi tarafdorimiz. Ushbu loyihani yaratishga hech kimdan buyurtma olmaganmiz, hech kimning manfaatini ko'zlamaganmiz. Shunchaki qachondir mozaikaning har bir bo'lagi umumiy manzarani tasavvur qilgan holda yeg'ilsa, nihoyasi go'zal bir manzil bo'lib bitsa biz o'z maqsadimizga yetgan bo'lamiz!

Loyiha bo'limi

   Hudud murakkab relyefli bo'lib, eng baland va eng past nuqtalari orasi 10 metrdan oshadi. Hududda madaniy meros binolari va me'moriy ahamiyatga ega (o'z nazdimizda) binolarni saqlab qolgan holda bosh tarxni ikkita asosiy saylgoh (Xadra yo'li, hamda Qodiriy saylgohi) va beshta ko'cha bilan ajralib turuvchi 8 ta lot'larga bo'lingan holda loyihaladik.

   Saylgoh va ko'chalarni markazda sakkiz burchakli platforma birlashtirib turadi. Ikki burchagida metrolarga kirishi bo'lgan platforma 2-qavatda joylashgan va 2-satx balandligidagi maydonda harakatlanish qulayligini beradi.

Transport bo'limi.

   Hududning murakkab relyefligidan foydalanib, uni shartli ikki satxda (yuqori va pastki) loyihaladik. Pastki satxda avtoturargoh va omborxonalar joylashadi. Pastki satxdagi  Qodiriy bog'i va Jar sport kompleksini bog'lovchi saylgohda shimoliy va janubiy yo'nalishdagi jamoat transportlari uchun alohida avtostansiya, hamda metroning birinchi qavati yaxlit transport bo'g'imini tashkil etadi.

   Chorsu bozori faqatgina bozor emas, u trasport uzeli hamdir. Xaritaga qarasangiz radial xalqasimon shahar eski shahar qismining markaziy nuqtasida joylashgan.

   Sag'bon-Farobiy ko'chalari chorrahalari Saqichmon-Zarqaynar-Farobiy ko'chalari chorrahasiga birlashtirib yuboriladi. Zarqaynar ko'chasidan A. Navoiy ko'chasiga chiqish qaytadan tashkil etiladi. Navoiy-Beruniy-Samarqand darvoza ko'chalari chorrahasida va Beruniy- Botir Zokirov-Saqichmon chorrahalarida yer osti yo'llari tashkil etiladi. Bu esa xududdagi tirbandlikni kamaytirib to'xtovsiz harakatni ta'minlaydi. Har bir chorrahada piyodalar o'tish yo'llari tashkillashtiriladi.

Jamoat hududlari

    Xadra maydonidan katta moviy gumbazgacha keng sayilgoh bo'lib markazi ko'kalamzor, ikki chekkasida turli xil brendlar savdo do'konlari va kafe-restoranlar joylashadi.

   Qodiriy saylgohi Abdulla Qodiriy bog'idan keluvchi asosiy yo'lakni Jar sport kompleksining markaziy maydoniga ulaydi. Unda avtostansiyalar, metro, turistik avtoturargohlar hamda turli rekreatsion hududlar bo'ladi.  Saylgohning markaziy qismida katta favvora hududni salqinlashtirib turadi.

   Chorsuning barcha 4 tomonlama chorrahalarida piyodalar ko'priklari, Ko'kaldosh madrasasi oldidagi chorraha ustiga keng piyodalar platformasi loyihalashtirildi.

   Dunyoning barcha sersayyoh shaharlari albatta o'zining "shopping" markazlari, piyoda ko'chalari bilan ham mashxur. Biz ham Chorsu majmuasini faqat sayyohlar uchun emas, balki hamma uchun savdo va ko'ngilochar hudud sifatida qayta jonlanib, fayzga to'lishini tilab qolamiz!

 

 

LAVHALAR